Rossiya urush usullari eskirib, ish bermay qoldimi yo Ukraina kuchaydimi?

Surat manbasi, EPA
- Author, Ilya Abishev*
- Role, BBC harbiy sharhlovchisi
- Published
- O'qilish vaqti: 7 daq
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi janglar yangi bosqichga o‘tmoqda. Ukrainada turli xil dronlar ishlab chiqarish hajmi loyiha quvvatiga yetdi, ularning sifati va zarba berish imkoniyatlari tez o‘smoqda. Rossiya buni nafaqat frontda, balki orqa hududlarda ham his qilmoqda.
Ukraina armiyasida arzon, ammo samarali dronlarning ko‘payishi bir vaqtning o‘zida uchta vazifani hal qilishga yordam beryapti:
- Jangchi bo‘linmalarni dronlar bilan ta’minlash, bu ularga Rossiya hujumlarini qaytarishda yordam bermoqda va Uchuvchisiz tizimlar kuchlariga (UTK) tushadigan yukni kamaytiradi.
- Kuchaygan UTK, o‘z navbatida, frontdan 100 km va undan olisga hujum qila boshladi, turli ob’ektlarni yo‘q qilmoqda va aloqalarni uzluksiz buzmoqda.
- Uzoq masofali dronlar Rossiyaning harbiy va sanoat ob’ektlariga yuzlab va minglab kilometr uzoqlikdan zarba bermoqda, bu nafaqat ruhiy ta’sir qiladi, balki katta moddiy zarar yetkazmoqda.
Natijalar ko‘zga yaqqol tashlanadi: Ukraina dronlari Rossiya zavodlari va neft omborlariga hujum qilishni odatiy holga aylantirdi, Rossiya armiyasining Ukrainadagi ilgarilashi esa to‘xtab qoldi.
Rossiya rahbariyati hozircha yo‘nalishni o‘zgartirishga tayyorligini ko‘rsatmayapti, armiya turli frontlarda hujum qilishga urinishda davom etmoqda.
Ammo savol tug‘iladi: Rossiya armiyasi hozirgi usullar bilan jangni davom ettira oladimi?
Rossiya armiyasining ilgarilash sur’ati o‘tgan yilga nisbatan keskin pasaydi, yo‘qotishlar esa yuqori darajada qolmoqda.
Umumiy vaziyat
2026 yil may oyi oxiriga kelib, Ukrainadagi urush asosan turg‘un holatda qolmoqda. Rossiya bir necha yo‘nalishlarda mahalliy hujumlarni amalga oshiryapti, ayniqsa Donetsk viloyatidagi Konstantinovka, Liman va Pokrovsk atrofida, shuningdek Zaporojedagi Gulyaypol yo‘nalishida.
Rossiya armiyasining ilgarilash sur’ati o‘tgan yilga nisbatan keskin pasaydi, yo‘qotishlar esa yuqori darajada qolmoqda.
Shunga qaramay, Rossiya harbiy qo‘mondonligi o‘zinigcha "muvaffaqiyatlar" haqida hisobot berishda davom etmoqda.
16 may kuni Rossiya Genshtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov "Zapad" qo‘shinlar guruhini shaxsan tekshirishdan so‘ng: "20-armiya Lugansk xalq respublikasini ozod etishni yakunlab, Xarkov viloyatida keng front bo‘ylab g‘arbga ilgarilamoqda", - dedi
U, xususan, Rossiya qo‘shinlari Oskol daryosi bo‘yidagi muhim ahamiyatga ega Borovaya qishlog‘ini egallaganini va Slavyanskning shimoliy-g‘arbida joylashgan Liman shahrining 85% qismini nazoratga olganini aytdi.

Surat manbasi, EPA
Ko‘pchilik, jumladan Rossiyaning urush tarafdori blogerlari, kinoya bilan: "Gerasimov armiyadan tezroq ilgarilayapti", deb yozmoqda.
"Kupyansk va Kupyansk-Uzlovoydagi vaziyatga hech qanday reaktsiya bo‘lmagani, shunday davom etsa ham bo‘ladi, degan fikrni berdi. Yaqin orada hisobotlarda Xarkovni ham "olib qo‘yamiz", - deb yozadi "Voennыy osvedomitel" kanali.
Ammo aslida Borovaya ham, Rossiya Genshtabi boshlig‘i "ozod qilindi" deb aytgan Kupyansk ham Ukraina armiyasi nazoratida qolmoqda. Limanda esa Rossiya qo‘shinlari faqat shahar chetidagi pozitsiyalarni egallay olgan.
Oxirgi haftalarda mustaqil tadqiqotchilar ham, Kremlga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunmaydigan Rossiya harbiy manbalari ham front chizig‘ida sezilarli o‘zgarishlarni qayd etmayapti.
Ikki tomon ham ayrim yo‘nalishlarda ozgina ilgarilashga erishgan, ammo umumiy hisobda vaziyat Rossiyaning manfaatiga emas, xaritalarga ko‘ra, uch oydan beri u olganidan ko‘ra ko‘proq yo‘qotmoqda.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Kill-hudud" kengaymoqda
Rossiya armiyasi oxirgi ikki yilda katta yo‘qotishlarga qaramay hujum qilishda davom etdi. Bu holat uning shaxsiy tarkibni uncha qadrlamasligi haqida tasavvur uyg‘otishi mumkin edi. Aslida esa bu to‘liq shunday emas.
Hozir Rossiya qo‘mondonligi armiyaning asosiy qismini, 2022–2024 yillardagi qonli janglardan omon qolgan professional harbiylar va mobilizatsiya qilinganlarni asrashga harakat qilmoqda. Har doim va har joyda emas, lekin umumiy holda shunday yo‘l tutayapti.
Hujumchi piyoda bo‘linmalarini to‘ldirish uchun esa asosan tayyorgarligi past odamlar, katta pul mukofotiga qiziqqan fuqarolar, mahbuslar va boshliqlarga yoqmaganlar yo‘naltirilyapti. Bu bo‘linmalarda birinchi jangdayoq halok bo‘lish ehtimoli juda yuqori.
Tajribali va qimmatli harbiy mutaxassislikka ega xizmatchilar esa ko‘pincha "kill-hudud"dan uzoqroq, nisbatan xavfsiz vazifalarga joylashtiriladi. Chunki ochiq maydonda turish ular uchun deyarli muqarrar o‘lim demakdir.
Bular, avvalo, murakkab texnika bilan ishlay oladigan ofitserlar, serjantlar va askarlar: artilleriyachilar, aloqachilar, mexanik-haydovchilar, dron operatorlari, radiolokatsiya stantsiyalari va havo himoyasi qurilmalari boshqaruvchilari, radiorazvedka va radioelektron kurash mutaxassislari, muhandislar, texniklar va boshqalar.
Frontdan uzoqroqda shtablar, boshqaruv punktlari, ta’minot xizmatlari, dala gospitallari, mobil o‘t ochish guruhlari (MOG) va armiya uchun zarur boshqa tarkibiy qismlar joylashgan.
Biroq muammo shundaki, Ukrainada yangi dronlar ko‘payishi bilan "kill-hudud" tez kengaymoqda. Uchuvchisiz tizimlar Rossiya infratuzilmasiga frontdan 100 km va undan da olis hujum qila boshladi. Bunday yuqori sifatli "birinchi shaxsdan" videolari bilan harbiy ob’ektlar va texnikaga zarba berish o‘tgan yillari deyarli yo‘q edi.
Hatto Donetsk–Mariupol trassasi va Qrimga "quruqlik koridori" (Taganrogdan Berdyansk va Melitopol orqali Jankoyga) ham o‘ta xavfli bo‘lib qoldi. Yaqingacha ular chuqur orqa hududda deb hisoblanardi.
Guvohlar aytishicha, avval Ukraina dron operatorlari uzoq masofada faqat yirik va qimmat ob’ektlarni, masalan, radar yoki o‘tochar qurilmalarini izlardi. Endi esa ular hamma narsani, hatto kichik va yakka maqsadlarni ham nishonga olmoqda.
"MOGlar bilan vaziyat hozir o‘tgan yilga nisbatan ancha og‘ir. Endi bu xavfli kasb, chunki ularning o‘zi ham maqsadga aylandi. Yaqin bir yil ichida frontdan 100 km uzoqda ular xavfsiz ishlay olmaydi", - deb yozadi telegram-kanal Lobaev Z muallifi.
Boshqa Rossiya harbiy manbalari ham vaziyatni shunday baholamoqda.
"Yozga borib Ukraina yangi dronlari logistika transportlariga zarbalarni kuchaytiradi. Frontdan 150 km uzoqlikdagi asosiy yo‘llar ham hujum ostida qoladi, - deb yozadi "Molot vedьm" kanali. - Oxirgi ikki oyda Pokrovsk va Kremensk yo‘nalishlarida, shuningdek Valuysk atrofida ko‘rganlarimiz - bu "Xornet" ("Marsianin") dronlarining sun’iy intellekt asosidagi yo‘naltirish tizimi bilan sinovlari edi".

Surat manbasi, ВСУ
Ukraina armiyasida qanday dronlar paydo bo‘ldi?

Surat manbasi, Getty Images
Ukraina armiyasiga yaqinda qabul qilingan va 100 km va undan uzoqqa hujum qila oladigan o‘rta masofali dronlarning Rossiya harbiylari eng xavfli deb hisoblagan to‘rt turi bor:
- Hornet — AQShning Swift Beat kompaniyasi ishlab chiqargan. Rossiyaliklar uni "Marsianin-2" deb atashadi.
- HX-2 Karma — Germaniyaning Helsing kompaniyasi ishlab chiqargan aylanma hujumchi quroli.
- RAM-2X — Yevropa UMO Group va uning Ukrainadagi filiali qo‘shma ishlab chiqargan dron. 2026 yil aprel oyi oxirida bu dronlar Ukraina chegarasidan 150 km uzoqdagi Voronej viloyatida Mi-17 va Mi-28 vertolyotlariga zarba berdi.
- B-2 70/125 — Ukrainadagi Atma Sky kompaniyasi ishlab chiqargan, 400 kmgacha uchish imkoniyatiga ega dron.
Bu dronlar tezkorligi, shovqinsizligi, radio to‘siqlarga chidamliligi, maqsadni tanib olish va avtomatik yo‘naltirish qobiliyati bilan ajralib turadi. Ular FPV rejimida ham, sun’iy intellekt asosidagi avtopilotda ham boshqarilishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Rossiya armiyasida ham o‘rta masofali zarba dronlari bor: "Lantset", "Skalpel", "Molniya", "Klin", "Kub" va boshqalar. Ayrimlari yaxshi xususiyatlarga ega, ammo Rossiya sanoati Ukraina va uning ittifoqchilari kabi katta hajmda ishlab chiqara olmaydi.
Bundan tashqari, Ukrainada dronlar ishini ta’minlashda ustunlik bor. "Starlink"dan tashqari, front chizig‘i bo‘ylab butun mobil aloqa tarmog‘i ishlab turibdi. Ukraina himoyalangan radio kanallardan va ko‘plab dron-retranslyatorlardan foydalanadi. Dron operatorlari tezkor ravishda razvedka ma’lumotlarini olib, tahlil qilib, orqa hududdan turib dronlarni boshqarish imkoniga ega.
Rossiya harbiy manbalari shunday deydi: "Zarba dronlarining ko‘payishi sifat jihatidan ham o‘zgarish olib kelmoqda. Dushman avtonom navigatsiya, avtomatik yo‘naltirish va noqulay ob-havo sharoitida (masalan, tumanda) ishlash imkoniyatlarini rivojlantirmoqda", - deb yozadi "Filolog v zasade".
"Yaqin yarim yil — bir yil ichida orqa hududda (100 km) zarba dronlariga qarshi kurashda katta inqiroz bo‘ladi. Deyarli barcha MOGlar va PVNlar (havo kuzatuv postlari) "Hornet"lar tomonidan yo‘q qilinadi, bu allaqachon ommaviy ravishda sodir bo‘layapti. Zarba dronlarini yiqitish uchun ishlaydigan alternativalar yo‘q va qachon paydo bo‘lishi ham noma’lum. Agar 2026 yil davomida choralar ko‘rilmasa, logistika orqa hududlarimiz to‘liq falaj bo‘lishi mumkin", - deb yozadi "Molot vedm" kanali.
Umidsizlik va optimizm
Rossiya armiyasining hozirgi usullari o‘z kuchini yo‘qotdimi va vaziyat uning uchun xavfli bo‘lib qoldimi?
Rossiyada Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlab kelgan blogerlarning ko‘pchiligidagi tushkun kayfiyatga qaraganda, ha, shunday deyish mumkin.
"Davlat o‘zining uquvsizligini qattiq namoyon qilmoqda, hatto jinoiy darajadagi samarasizlik fonida ham. Menimcha, hozir maxsus harbiy operatsiyaning eng yomon davri. 2022 yil kuzida ham bu qadar yomon emasdi. Nega deysizmi? O‘shanda hech bo‘lmasa zaxiralar, qurol-aslaha, texnika bor edi, Vagner bor edi, jamiyatning armiyaga nisbatan ishonchi bor edi va inqiroz paytida biz an’anaviy ravishda birlashib harakat qilar edik. Hatto davlatning o‘zi o‘shanda shoshib qolgandi, - deb yozadi Dulce Lumen blogeri yopiq telegram chatda. - Endi vaziyat ancha yomon. Rossiya frontda keskin burilish yasaydigan darajada yangi mobilizatsiyani amalga oshira olmaydi. Faqat odamlar bor, qurol, texnika va o‘q-dorilar yo‘q".
Rossiya auditoriyasining boshqa bir qismi esa hali vaziyatni tuzatish mumkin deb hisoblaydi. Ularga ko‘ra, Ukraina va G‘arb ishlab chiqargan texnologiyalarga qarshi vositalarni tez va ommaviy tarzda ishlab chiqish va joriy etish zarur. Ammo buning uchun avvalo Rossiyaning harbiy-siyosiy rahbariyati vaziyatning jiddiyligini anglashi kerak.
Lekin Rossiya rahbariyatining o‘zini tutishiga qaraganda, u bunday xavotirli kayfiyatni bo‘lishmayapti va keskin o‘zgarish zarurligini ko‘rmayapti. Armiya Ukrainaga ommaviy zarbalar berishda davom etmoqda, askarlar shahar-qishloqlar va o‘rmonzorlarga hujum qilishda davom etmoqda, generallar esa yangi rejalar tuzmoqda.
Ukraina Stavkasi ma’lumotiga ko‘ra, Moskva Chernigov-Kiev yo‘nalishida janglarni kengaytirish uchun beshta stsenariy ishlab chiqqan. "Front chizig‘i kengayadi. Bosh qo‘mondon Belarus tomonidan xavfni qayd etdi. Shimolda operatsiya bo‘lishi mumkin. Biz bu ma’lumotni bilamiz, Rossiya Genshtabi hozir shimoldan hujum rejalarini faol tayyorlayapti", - dedi Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy "Militarnomu" nashriga.
*Rossiya hukumati Ilya Abishevni "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritgan. BBC bu qarorga mutlaq qarshi va sudga shikoyat qiladi.





























