Ukraina hujumlari ortidan Rossiyada yoqilg‘i inqirozi kuchaymoqda

Surat manbasi, Reuters
- Author, Vitaliy Shevchenko
- Role, Kiyev
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududlarga uyushtirayotgan uzluksiz dron hujumlari Moskva ta’minot yo‘llarini izdan chiqarayapti, Rossiyaning ichkarisidagi neftni qayta ishlash zavodlariga uzoq masofadan berilgan zarbalar sabab allaqachon boshlangan yoqilg‘i inqirozini kuchaytirmoqda.
Xususan, Rossiya 2014 yili noqonuniy anneksiya qilgan Qrimda jiddiy logistik muammolar va tanqisliklar kuzatilmoqda.
Bu muammolarning ko‘p qismi yaqinda Ukraina tomonidan Rossiya janubidagi Rostov shahrini bosib olingan Mariupol porti orqali Qrim bilan bog‘laydigan muhim avtomobil yo‘li va ko‘prikka berilgan zarbalar bilan bog‘liq.
Frantsiyada joylashgan Atum Mundi tahlil markazi tahlilchisi Kleman Molenning BBCga aytishicha, bu yo‘l "aslida janubdagi Rossiya ishg‘olining asosiy tayanchi hisoblanadi".
Kleman Molen aytishicha, may oyi boshidan beri Ukraina bu yo‘lda harakatlanayotgan yuk mashinalariga, jumladan 30 ta yoqilg‘i tashuvchi avtomobilga qarshi 300 dron hujumini uyushtirgan, bunday hujumlar iyun oyi boshlanganidan buyon yanada kuchaygan.
Bu amaliyot Qrimga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qrim yarim oroli Moskva uchun strategik ahamiyatga ega, chunki u yerdan Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududining boshqa qismlariga dron va raketalar uchirish uchun foydalanib kelayapti.
O‘zining iliq iqlimi va uzun sohillari bilan Qrim yoz faslida rossiyaliklar uchun ham mashhur dam olish maskani hisoblanadi.
Norozi turistlar va mahalliy aholi vakillarining yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar haqidagi shikoyatlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘paygani kuzatilmoqda.
Videolarda mintaqadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar ko‘rinadi, odamlar esa yoqilg‘i olish uchun 10 soatgacha navbatda turishga majbur bo‘layotganlarini aytmoqdalar.
Simferopol shahri yashovchilaridan biri mustaqil Bereg saytiga shunday dedi:
"Endi ishga piëda borayapman. Albatta, bu mashinada borishdek qulay emas, lekin juda katta muammo ham emas. Endi faqat ot sotib olishim qoldi!"
Qrimdagi yoqilg‘i shoxobchalarining katta qismida mahalliy aholiga hozirda faqat oldindan to‘langan vaucherlar orqali, u ham bo‘lsa, 20 litrgacha yoqilg‘i sotib olishga ruxsat berilayapti.
Inqiroz boshlanishidan oldin hududga kelgan rossiyalik sayyohlar esa endi qaytib ketish uchun yoqilg‘i topishda qiynalmoqdalar.
Muammo shunchalik jiddiyki, Moskva tomonidan tayinlangan mahalliy hokimiyat ularga yordam berish uchun maxsus "ishonch telefoni"ni ishga tushirishga majbur bo‘ldi.
Yoqilg‘i tanqisligi tufayli benzin va dizel narxlarining keskin oshib ketgani xabarlari ham tarqayapti.
"Afsuski, hozir yoqilg‘iga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish imkonsizdek ko‘rinayapti," deya tan oldi Kreml tomonidan tayinlangan Qrim rahbari Sergey Aksyonov tan oldi 5 iyun kuni. Uning aytishicha, tanqislik sabab yuzlab avtobuslar parkidan chiqolmay qoldi.
Shunga qaramay, avtomobil yo‘llari Qrimga ta’minot yetkazishning so‘nggi imkoni bo‘lib qolayapti.
Bir necha paromlarni Ukraina ishdan chiqarganidan keyin dengiz yo‘li juda xavfli bo‘lib qolgan.
Shuningdek, Ukraina tomonidan ilgari amalga oshirilgan hujumlar yoki shunday hujumlar xavfi Qrimni Rossiya materigi bilan bog‘laydigan yangi Kerch ko‘prigi orqali harakatni cheklab qo‘ygan.
"Hozir Kerch ko‘prigi orqali dizelga to‘la yuk mashinasini o‘tkazishni istamagan bo‘lardim — bu o‘zingizga muammo chaqirish bilan barobar," deydi Rossiya neft sanoati bo‘yicha ekspert va Garvard universiteti Devis markazi xodimi Kreyg Kennedi BBCga.
"Shuning uchun uni quruqlik orqali, Mariupol yo‘lidan olib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Va u yerda ham siz butun yo‘l davomida himoyasiz bo‘lasiz."
Ayrim rossiyalik manbalar Ukraina tomonidan logistika yo‘llariga qilingan hujumlar Rossiya armiyasining jang qilish qobiliyatiga allaqachon ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqdalar.
"Fuqarolar uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarini bo‘shatib qo‘yayotgan zarbalar janubdagi qo‘shinlarga yetkaziladigan ta’minotga ham ta’sir qilmoqda," deb yozdi kremlparast rossiyalik harbiy tahlil kanali Rybar o‘zining Telegram sahifasida.
"Logistika inqirozi harbiy va fuqaroviy ehtiyojlarni ajratmaydi, u bir vaqtning o‘zida hammasini qamrab oladi."
7 iyun kuni Ukrainaning zarbasi shimoliy Qrimdagi Cho‘ngarda joylashgan muhim ko‘prikka zarar yetkazdi.
Bu ko‘prik yarim orolni Ukraina hududining qolgan qismi bilan bog‘lar va R-280 avtomobil yo‘li orqali harakatlanayotgan Rossiya qo‘shinlari hamda fuqaroviy transport vositalari tomonidan foydalanilar edi. Hozir ko‘prik orqali harakat to‘xtatilgan.

Surat manbasi, Reuters
Yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar Ukraina tomonidan Rossiyadagi neft qayta ishlash zavodlari va neft omborlariga qilingan uzoq masofali zarbalar tufayli yanada kuchaymoqda. Kiev bu kabi hujumlarni bir necha oydan beri amalga oshirib keladi.
Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, may oyida bunday zarbalar natijasida Rossiyaning "asosiy neft qayta ishlash quvvatlari"ning qariyb 40 foizi ishdan chiqqan.
Endi, Kreyg Kennedining aytishicha, Ukraina Rossiya ta’minot tarmoqlariga qarshi kengayib borayotgan kampaniyasida yirik neft zavodlarini emas, balki kichik, mahalliy taqsimot tarmoqlarini nishonga olmoqda.
"Bu ayrim hududlarda, masalan Qrimda, mahalliy aholi va harbiylarga nisbatan yanada aniqroq va kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda," dedi u.
Dron hujumlari Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan boshqa hududlari, jumladan Luhansk va Xerson viloyatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ularning ayrimlari Ukrainaning Uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlariga qarashli 413-alohida "Reyd" bataloni tomonidan amalga oshirilgan.
Batalon qo‘mondoni Yevgeniy Karas Ukrainada nomi oshkor etilmagan joydan turib BBCga intervyu berdi.
Karasning aytishicha, so‘nggi hujumlar davomida o‘zlarining dronlari Rossiya havo mudofaasi tomonidan jiddiy qarshilikka duch kelmagan.

"O‘zimiz istagan joyga bemalol ucha olshimiz juda ajoyib tuyg‘u beradi," dedi u.
Karas so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy logistikasini izdan chiqarish uning bo‘linmasi uchun eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
"Asosiy nishon — Rossiya omborlari, neft va yoqilg‘i zaxiralari, binolar va hatto rossiyalik ofitserlar joylashgan kichik bunkerlar," dedi u.
So‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlarga qilgan hujumlari natijasida fuqarolar halok bo‘lganini da’vo qildi. Xususan, Xersonda avtobusga va alohida holda bosib olingan Qrimda yo‘lovchi poezdiga berilgan zarbalar shunday holatlar sifatida keltirilmoqda.
Dushanba kuni Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Aksyonov Ukraina droni yana bir bor mintaqadagi yo‘lovchi poezdiga zarba berganini, natijada uning yordamchi mashinisti halok bo‘lganini va mashinist jarahatlanganini ma’lum qildi.
Karas ushbu hodisalarning birortasiga alohida izoh bermagan bo‘lsa-da, shunday dedi: "Bu juda harakat gavjum hudud, va ravshanki, og‘ir yuk mashinalari hamda katta transport vositalari doimo zarba ostida bo‘ladi, chunki rossiyaliklar ulardan foydalanadilar."
Shuning uchun, deya qo‘shimcha qildi u, "xatolar bo‘lishi mumkin, lekin bu fuqaroviy transport vositalarini ataylab nishonga olish emas."
Biroq xavf-xatar juda katta, va zarbalar natijasida bosib olingan hududlarni Rossiya bilan bog‘lovchi ikki muhim yo‘lda fuqaroviy harakat ham cheklandi.
Luhansk viloyatidagi Moskva tomonidan o‘rnatilgan hokimiyat Mariupol va Qrimga olib boruvchi ikki trassada avtobus va mikroavtobuslar harakatini taqiqladi hamda mahalliy aholini "xavfsizlik sabablari"ga ko‘ra bu yo‘llardan foydalanmaslikka chaqirdi.
Ukrainaning o‘rta va uzoq masofali zarbalarining umumiy ta’siri nafaqat Rossiyaning jang qilish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda, balki Zelenskiy e’lon qilgan "urushni Rossiyaning uyiga olib kirish" maqsadiga ham xizmat qilayapti.





























